-Ibrohim, o’g’lim,- deya chaqirdi inqillab yotgan bemor. Onasining ta’na-dashnomlaridan qo’rqib qolgan bola ovozdan sergak tortdi, lekin boshini yostiqdan ko’tarolmay, uyg’onganini sezdirish maqsadida qisqa tovushda:
-Hmmm,- deb qo’ydi xolos.
-Ukang qani?
-Nanajonim, bilan birga barvaqt qayergadir ketishdi.
-Oldimga kel, — deb imladi 10 yoshlardagi o’g’lini Ilyos aka.
-Adajon ozgina uxlab olay, — dedi norozilik alomatini bildirgan holda o’ng qo’lidagi ko’rsatgich va bosh barmog’ini orasida ozgina masofa qoldirib.
-Bolam, senga aytadigan gaplarim juda ko’p, ammo vaqim yetmaydimi deb qo’rqaman.
Otasining bu so’zlarini eshitgan Ibrohim o’zini ichki kuch bilan majburlab, o’rnidan turdi.
-Adajon, nima, suv ichasizmi? Sovuq qotmayapsizmi? — deb savolga tutdi.
Anchadan beri gapirmagan, gapirishga ham madori yo’q Ilyos aka bosh irg’ab “yo’q” ishorasini berdi.
-Onangga ham qiyin bo’ldi. Mendan keyin suyanadigan insoni qolmaydi, shuning uchun sen Onangga qara hech nimaga zoriqtirma, maktabingga ham ora-orada borib tursang bo’ladi. Ro’zg’orga qarash, — dedida tomog’iga bir nima tiqilganday bo’lib, qattiq yo’taldi. Bola Otasining bu holini ko’p ko’rib yurganidan vaziyatni bilib, javonda turgan eski dori qutisini tita boshladi. Keyin bir burchakda qog’ozi omonatgina turgan qandaydir dorini topdi-da, Otasining tili ostiga berdi.
Anchadan keyin yana rangi o’ziga kelib qolgan Ilyos aka gapirishga tushdi:
-Maraka, yana bir qancha xarajatlarga anchayin pul kerak bo’ladi, sen qo’shimcha ishlab tursang hartugul ro’zg’or qimirlab turadi-da, Bolam, — dedi hansirab.
Gapirib bo’lgach o’zini kundan-kunga so’lib borayotgan daraxt ekanligini sezgandek, chuqur xo’rsindi. Bu yoshi hali 55 ga ham bormay sochi oppoq oqargan, uzoq muddatdan beri qandli diabet bilan og’rib, oyoqdan qolgan Ilyos aka edi.
-Dada, menchi, katta bo’lsam, — deb otasining ko’nglini ko’tarish niyatida Ibrohim birdan o’rnidan turib, baland ovozda orzularini to’lib-toshib gapira boshladi.
Ortiqcha shovqin-suron yoqmaydigan bo’lib qolgan ota esa uzoq hansirashdan keyin teskari tomonga ag’darilib, pastqam deraza oynasidan hovliga qarab qo’ydi. Ammo Ibrohim bunga e’tibor ham qilmay nimalarnidir gapirar edi. Chunki bola bunday hayot tarzidan zerikkan, ko’chadagi o’rtoqlariga qo’shilolmas, onasining tanbehlaridan bezigan, qorong’u xonada, aniqrog’i bemor otasi yonida mixlanib qolganday sezardi o’zini.
Ilyos aka esa hovlida chala qolib ketgan ishlarni o’zicha rejalashtirib yotardi. Miyasida sovuq tushishiga qaramay daladagi ekinlarning qurib qolgan palaklari tozalanib, qishga tayorgarlik ko’rilmagani, yog’ingarchilik mavsumi boshlanib, tomidan har yilgidek chakki tomishini o’ylab, ich-ichidan kuyinardi.
-Ibrohim, — deb o’zini u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa urayotgan, sho’xchan orzularini aytib, ado qila olmayotgan o’g’lining gapini bo’lishni istardi. U esa Otasining xasta ovozini eshitib:
-Ha Adajon,- deb bemor yoniga cho’kkaladi.
Shu paytda hovlida birdan yosh bolaning qichqirig’ini eshitib qoldi. Ikkisi ham derazadan tashqariga jon holatda qarab, «nima bo’ldi ekan» deya cho’chib ketishdi.
Hovliga kirish eshigiga tepinib, yiqilib tushgan Ismoil yig’lagancha uyga kirgach, bor alamini akasidan ola boshladi, Ibrohimni siltab ura ketdi.
Bu holatni kuzatib turgan Ilyos aka hayron bo’lib o’g’lidan, keyin uyga bozorlik qilish uchun qo’lda tikilgan bo’sh sumkani ko’targan Fotima opaga ma’noli qarab qo’ydi. Ayol ham bu qarashnihg ma’nosini bilganday gapira ketdi:
-Aytdim-a, buningizni olib bormay deb…
-Nima bo’ldi,- deb sekin pichirladi Ilyos aka.
-Bozorda ko’rgan rangli bo’yoq qalamlarni olib bering, deb turib oldi har doimgidek.
Ismoil rangli qalamlarda rasmlar chizishni yoqtirardi, bu gal ham onasini bozorning o’rtasida so’roqqa tutdi:
-Nana, iytimos, obbeying,- deya yig’lashni boshlfdi, afsus, natija bo’lmagandan keyin, onasining mahkam ushlagan qo’lidan qutilib, uyga qarab yugurdi. So’ng oxiri doimgidek qoqilib tushdi va tizzasini shilib oldi.
Alamini olishiga odatdagi raqib ham tayyor edi. Ibrohim ukasining injiqliklariga moslashib ketgandi va bu gal ham qalqonsiz raqib vazifasini o’tab berdi.
Ro’zg’orlik qilish uchun bir haftadan beri yig’ib kelinayotgan sut-qattiq puli Ilyos akaning dori-darmonlaridan ortmadi. Ammo kundan kunga so’lib borayotgan bemorga olingan bu galgi tomchi ukollarning hech bo’lmaganda qopqog’i ochilishiga ham ehtiyoj qolmadi.
Shomga qarab Bemorning joni uzildi.
Ibrohim murdani ko’rib umuman qo’rqmadi, sababi bilardi, otasining hayoti shunday yakun topishini. Ukasi Ilyosjonni esa o’zi ancha oldin qo’lda yasab bergan hushtak bilan chalg’itganday bo’lib, qo’lidan mahkam ushlab qo’shnining uyiga qarab ketdi.
-Sarvar kelinoyi, Sarvar, kim bor?
-Ha hozir, hozir, kela qolgin, Ibrohim. Yaxshimisan?
-Kelinoyi, ukam sizlarnikida tura tursin Sarvar bilan o’ynab, kechqurun o’zim olib ketaman.
-Xop, Ibrohimjon bolam, mayli, bemalol, Sarvar bilan o’ynab turadi.
Bolam, Alloh sabr bersin, bandalikda, — dedi qo’shni ayol.
Ibrohim shu so’zlarni eshitgandan koʻra kar boʻlib qolishni qanchalik xohlardi. U hech nima demay, hovlidan chiqib ketdi.
Ibrohimlarning hovlisida odam koʻp yig’ilib qolgandi, ikki-uch kishi tobutni tayyorlash bilan band edi, Fotima opa esa xonasida hech kim bilan ishi bo’lmay telbalarcha uvvos solib yig’lardi.
Ibrohim hovlining bir burchagidan turib, otasi bilan o’tkazgan shirin xotiralarni esladi. U bilan yozda o’tkazgan nihollarining anchayin katta bo’lib qolganini sezdi va chuqur bir nafas olib, ovozi boricha baqirib yig’lab yubordi.
Mahallaning oqsoqoli kelib, egniga yaktakni tashladida, boshiga Ilyos akanihg yoshligida o’zi kiygan chakana do’ppisini qistirib,qo’liga belbogʻni berdi va Ibrohimdan uzoqlashdi.
Birozdan soʻng Janoza soat nechada o’qilishi aniq boʻldi.
-Ixtiyor!
-Ha, labbay, keling qo’shni.
-Ilyosjonning Janozasi 10:30da ekan xabaringiz bormi? Uyda bo’lasizmi, chaqiraman, birga o’tib kelamiz.
-Ha, ha, aka, uydaman, bo’pti.
***
Tobut atrofida tumonat odam yig’ilgan.
Ibrohim Tobutning oldida turibdi. Darvozadan chiqishda Fotima opa o’g’lining qo’liga yopishdi:
-Ib-ib-Ibrohim, jon bolam, olib ketma Otangni!
Onasini bunday holatda koʻrib, chidab turolmadi va tobutni tezroq uydan chiqarib ketishlarinini xohladi.
Va tobut ham yengilgida bir harakat bilan erkaklar yelkasiga qo’ndi. Ibrohim esa hali tobutni yelkasiga ololmasdi, uning kichik jussasi faqatgina Ismoilni opichlab yurishga moslashgan edi. Faqatgina old tomondan yurib qo’lida hassa tutib yig’lab borardi xolos.
(Shu oʻrinda hikoyani o’qiyotganlarda bir savol tugʻilishi tabiiy.
Ilyos akaning aka-ukalari, qarindoshlari yo’qmi, nahotki tobutini yot-begona hamqishloqlari ko’tarsa?)
Ha, to’g’ri o’yladingiz, Ilyos bolalar uyida katta boʻlgandi.
Fotima ham bittayu bitta qiz edi oilada, uning otasi bolalar uyida qorovul bo’lib ishlardi. Fotima har gal otasining oldiga borganida Ilyos uni ko’rib, va bollalarcha beg’uborlik bilan:
-Foti!
-Ha…
-Katta bo’lsak biz ikkalamiz kelin-kuyov bo’lamiz, — derdi.
Mana, yillar oʻtib, Fotima opaning o’sha beg’ubor Ilyosi uni bir umrga tark etib ketyapti.
Mayyitni oq mato o’ralgan tobutda olib ketishardi, sekin-asta chayqalib ketayotgan tobutning ichida esa, Ilyos abadiy uyquda, yuzida ajib bir nur bilan yotardi.
Atrofdagi insonlarning gap-so’zlari eshitildi:
-Ilyosjonni hech kimdan qarzi yo’qmidi, ayoli bir amallab ro’zg’orni tebratardi, qarzi bo’lishi tabiiy…
Shu kabi so’zlar Ibrohimga shu vaqtdan boshlab haqiqiy mas’ulliyatini, oilasiga qanchalar kerakliligini eslatdi.
Ilyosni qora tuproqqa topshirib kelishdi. Hamma o’z uyiga tarqaldi. Ibrohim Ismoilni Sarvarlarnikidan olib kelishga chiqib ketdi.
-Aka…
-Nima deysan?
-Menga langli, chilolli qalam bo’yoqlal olib belasizmi?
-Ha.
Akasining bir og’iz qo’rs gapidan so’ng «akam menga rangli qalam olib berarkan, endi nimalarni chizishim kerak», deb mitti barmoqchalari bilan sanadi va 3 ta barmog’ini bukdi.
Oradan bir hafta o’tib Ilyosning ma’rakasini o’tkazib olishdi, albatta. Bu xarajatlar uchun Ibrohim darslardan voz kechib, mardikorlik qilishga majbur bo’ldi.
O’sha kuni tunda Fotima ertalab nonushtaga non olish uchun deb, olib qo’ygan pulini eshigi qiyshayib qolgan shkafning ustki tortmasiga kichkinagina ro’molchaga tugib qo’ydi, buni Ibrohim ko’rdi.
Ichkari uydan Ismoilning g’inshib uyg’onganini ko’rgan Ibrohim uyga kirib ketdi.
-Aka, akajon!
-Ha?
-Eltagachi, eltaga man bitta lasm chizaman…
-Qanaqa rasm?
-Ha, aytgancha langli qalam olib keldizmi?
-Yo’q!
-Ey, aka-akajon, qalam olib belaman degandingizku…
-Ha, xop, Ismoil, ertaga albatta, olib kelaman.
-Lostanmi aaa?
-Ha, rostdan olib kelaman, bugun uxla
-xop?
Ertalab barvaqt turgan Ibrohim kecha tunda onasining nonga deb qo’ygan pulini olib ketib qoldi.
Fotima opa buni koʻrib:
-Ha, o’g’lim masʼuliyatni his qila boshlabdi. Xudoga shukur, otasining umrini ham buning umriga qo’shib bersin illohim,- deb ozgina o’zini yupatdi.
Ibrohim uydan chiqib ketar ekan, pulga nima olishni reja qilib qo’ygan edi. lekin onasining rejalari bu ikki aka-uka rejalariga mutlaqo teskari edi.
Tuman markaziy bozorida odam gavjum. Ismoil bir oydan beri «rangli qalam» deb harxasha qilishni hech qo’ymasdi. Aka 12 ta rangli qalamlari bor qog’oz o’ramni olib sotuvchi ayolga yuzlandi:
— Assalomu alaykum, opa, buning narxi necha so’m?
— Vaalaykum assalom, besh ming.
Ibrohimning uydan olib chiqqan puli esa sakkiz ming edi.
Sotuvchi ayol qo’liga besh mingni tutqazdida, qalamdonni egnidagi otasi yoshlik chogʻlarida kiyib, ancha siyqasi chiqqan kamzuli cho’ntagiga solib qoʻydi.
Endi Ibrohim non rastasiga yaqinlasharkan, uyida nima bor, nima yo’qligini eslab qoldi. Ha, to’g’ri, ro’zg’orda biron bir sabzavot yo’q edi. Bularni o’ylab, qiynalib ham o’tirmadi, sharta qo’lida qolgan uch ming so’m pulga bitta non sotib oldi.
Uyiga bitta non ko’tarib kelayotgan o’g’lini ko’rgan Fotima opa nonushta tayyorlashga tushdi. Lekin nonushta tayyorlashga hech nima yo’q edi. U stol ustiga qo’yilgan nonni sindirdi.
— Ukangni chaqir, Ibrohim!
— Ismoil!
-Hmmm…
-Tur!
-Hozir, aka ozgina uxlay…
-Tur, turaqol, Ismoil. Bilasanmi, senga sovgʻa olib keldim.
— Aaaa! Nima olib keldiz, aka?!
-O’zing o’ylab ko’rchi.
-Ha, bo’ldi. Topdim, — deb shartta o’rnidan turib ketdi.
Ichida akam manga rangli qalam olib kelibdi. Bilardim o’zi, endi nima chizishni oʻylab ko’rish kerak.
-Oyi, oyijon.
— Ha, Ismoiljon.
-Akamc-hi, menga rangli qalam olib kelibdilar!
-Ha, rostdanmi? — dedi ona. O’zi Ibrohimning ertalabdan rangli qalam uchun chiqib ketganini sezgandi.
-Qani, o’tiringlar birga nonushta qilamiz!
-Aka, qalamlarni qayerda qo’ydingiz?
-Ovqatingni yeb olginchi avval!
Ismoil ikki bo’lak nonni olib, yeyishni boshladi.
Ertalabgi nonushtadan keyin Ibrohim kunlik ishga chiqib ketdi.
Ismoil akasinihg cho’ntagidan rangli qalamlarni topib olib, ichkari xonaga kirib, qulflanib oldi va qornini yerga berib yotdi. Oq varaqning to’rtta tomonidan ramka chizishni boshladi.
O’ng tomon burchakda, albatta Ismoil tengi yosh bolalarga doimiy odat — doira shaklida sap-sariq quyosh joylashdi, orqa fonda uncha baland boʻlmagan, lekin cho’qqisidagi qor hali erib bitmagan togʻlarni chizdi.
Birinchi boʻlib o’zini chizishni boshlagan Ismoil, o’ng qo’lidan tutgan otasi Ilyosni, chap qo’lidan tutgan Onasi Fotimani ham tasvirladi.
(Ha, to’g’ri, Ibrohimchi, hikoyamizning bosh qahramonichi u qayerda qoldi?)
Aka bu — ukalarning hayotidagi, bolalikdagi shirin xotiralarni miriqib kulib eslashga sabab bo’ladigan inson. Ismoilning akasi ham xuddi shunday, uni orqasida turib beradigan munosib tirgak edi, shamolda sinmasligi uchun, yomg’irda qolmasligi uchun, jazirama quyosh taftida kuymasligi uchun, otasi o’tganidan keyin «yetimcha» degan nomni olmasligi uchun ham, barcha-barchasi uchun tog’dek uning ortida turib bergan yagona qahramon edi. Ammo u o’zini chizmagani uchun ukasidan xafa bo’lmadi.
Rasm tayyor, uni akasiga ko’rsatish qoldi, xolos. Yoʻq, yoʻq, bo’lmaydi. Ibrohimga bu rasmni ko’rsatolmaydi. Yaxshisi, uni shunday bir joyda qo’ysinki, Ibrohimning o’zi rasmni koʻrib qolsin.
-Ismoil, qayerdasan?
— Labbay, oyijon!
— Qayerdasan deyapman, Ismoil?
— Hov, labbay oyijon!
— Nima qilyapsan ichkarida? Qidirmagan joyim qolmadi.
— Ha, ana uuu, haligi…
— Nima u qo’lingdagi? Qani, berchi!
— Yoʻq, hech narsa emas…
— Ber dedim! Qani, nima ekan u?
Ana, xolos, Fotima opa rasmni koʻrib qoldi. Mayli, yaxshi bo’ldi, onasidan yashirishning nima keragi bor?
Fotima opa rasmni koʻrib Ismoilning boshini silab peshonasidan oʻpib qoʻydi va boshqa hech narsa demay xonadan chiqib ketdi.
Kech tushib, Ibrohim ishdan qaytdi. Rosayam charchagan bola o’zini uyga kirish eshigidagi ostonaga otdi. Akasining shunday charchab kelishini kutgan Ismoil hammalari birga turadigan xonadagi stol ustiga rasmni qo’ygan edi. Chunki u bilardi, akasi uchun xuddi shu stolda achchiqqina sovigan choy turibdi va Ibrohim kechki ovqat tayyor bo’lguncha bir choynak choy ichib, charchog’ini chiqaradi.
Bu gal Ibrohim choyga qaramadi, u oq qog’ozga chizilgan rasmni ko’rib qoldi. Uni katta taassurot bilan tomosha qildi. Buni ko’rib turgan Ismoil akasining oldiga kelib erkalandi:
— Qalay chiqibdi? Leonardo Da Vinci bo’ldimmi endi? — dedi qoshlarini chimirib
— Ha, albatta-da, o’zimni Ismoil Vinchiyim!
-Ey, hazilashmayapman, — deb jiddiy uka.
— Men ham hazillashganim yoʻq, to’g’risi, juda chiroyli chizibsan! Zo’r rasm bo’libdi, Ismoil.
— Rahmat, akajon,- deb o’zini Ibrohimning quchog’ga otdi.
Bularni kuzatib turgan Fotima opa aka-ukaning mehr-oqibatini koʻrib, ko’ziga yosh oldi. Illohim oqibatlaringiz oxirigacha bardavom boʻlsin, deb yuziga fotiha tortdi.
***
Mana shu voqealar boʻlib o’tganiga ham o’n yil boʻldi.
Ibrohim bu yil Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universitetining birinchi bosqich magistranti. Ismoil esa akasiga havas qilib, Jahon tillari universitetiga kirish uchun g’ayrat bilan tayyorgarlik ko’ryapti. Bu kunlarning barchasi yosh bolalarning olgan zarbalari natijasi, ularning tinimsiz mehnatlari ortidan kelgan yutuqlar, albatta.
Yaqinda Fotima opaning tug’ulgan kuni, aka-uka onasiga tug’ulgan kuniga deb katta sovgʻa tayyorlagan. Bu sovg’a Umra safariga yo’llanma…
Shalola SAVRIYEVA, Buxoro viloyati G’ijduvon tibbiyot kolleji talabasi.