Olti(n) ustunli masjid
Turkiyaning eng yirik shaharlaridan biri boʻlgan Istanbulning deyarli har qadamida masjid bor. Maʼlumotlarga qaraganda, ayni patda ularning soni 3 mingtadan oshib ketgan. Ushbu muqaddas maskanlar orasida bir necha asrlarni qaritgan qadimiylari ham koʻpki, bu sayyohlarni ohanrabodek oʻziga jalb etib kelmoqda. Mahalliy va xorijiy turistlar talpinadigan Sulton Ahmad masjidi ana shulardan biridir.
Moviy masjid nomi bilan ham mashhur boʻlgan ushbu maskanni Culton Ahmad oltin ustunli qilib qurishga ahd qiladi. Ammo bunga davlat gʻaznasi yetmagach, oltin minorali emas, balki olti(n) minorali qilib bunyod etadi. Kezi kelganda, aytish joizki, bunga qadar masjidlar toʻrt minorali qilib tiklangan. Buni qarangki, oʻsha davr meʼmorchiligida yangilik boʻlgan ushbu masjid bir paytda olti ming kishini oʻz bagʻriga sigʻdira oladi.
Biz, oʻzbekistonlik jurnalistlar Turkiyaga safarimiz chogʻida ushbu masjidni ziyorat qilish imkoniyatiga ega boʻldik. Hozirgi paytda bu yerda taʼmirlash ishlari olib borilayotgan boʻlsa-da, namozxonlar uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Havas va hayrat ogʻushidagi antik shahar
Turkiya boʻylab sayohatimizning navbatdagi kuni turizm markazlaridan biri boʻlgan Antaliyaga shahriga boʻldi. Oʻrta Yer dengiz sohilida joylashgan bu kentda havas va hayratlar ogʻushida qolganimiz rost.
Bu yerda qishloq xoʻjaligi hudud iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Xususan, butun mamlakat pomidor bilan taʼminlanishi barobarida, eksportning 80 foizini ushbu mahsulot tashkil etadi. Ular, asosan, issiqxona sharoitida yetishtiriladi. Bundan tashqari, apelsin, mandarin, limon, zaytun, hatto, paxta ham yetishtirilar ekan. Shu kunlarda anorzorlar, apelsin bogʻlaridan hosilni yigʻishtirib olish ishlari avjida.
Biz Antaliyadan 35 kilometrlik masofada joylashgan antik shahar Aspendosga borgunimizcha yoʻl-yoʻlakay fermerlar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdik.
Maʼlumotlarga qaraganda, dunyoda eng yaxshi saqlangan antik shaharlardan biri Aspendosdir. U miloddan avvalgi beshinchi asrda bunyod etilgan boʻlib, bu haqda turli afsona va rivoyatlar tildan-tilga koʻchib yuradi.
Emishki, shoh Aspendosning sohibjamol qizi boʻlib, uning oshiqlari juda koʻp boʻlgan. Ota esa qiziga munosib qayliq tanlashda bir shart qoʻyadi: «Kimki, shahrimiz aholisi foydali va goʻzal inshoot qursa, qizimni oʻsha yigitga uzataman». Buni eshitgan yigitlar oʻz bunyodkorlik mahoratini ishga soladi. Ular orasidan egizaklarning omadi chopadi. Sababi, shohga ulardan biri bunyod etgan suv oʻtkazgich maʼqul tushadi. Ammo egizaklarning ikkinchi qurgan amfiteatrni koʻrgach, oʻz fikridan qaytadi va arxitektorga qizini uzatadi.
Mahalliy aholining fikricha, shoh adashmagan. Chunki toshdan bunyod qilingan Rim amfiteatri oʻz holida saqlanib qolgan.
Mana, oʻsha qadimiy teatr. Boqib koʻzingiz toʻymaydi. Uning ichiga kirar ekansiz, hayratingiz oshadi, insoniyatning bunyodkorlik qobiliyatiga tasannolar aytasiz…
Teatrda tomoshabinlar uchun 39 qator joy mavjud boʻlib, ularning orasida yarim metrni tashkil etadi. Umumiy uzunligi esa salkam 100 metr. Teatr 20 ming nafargacha tomoshabinni sigʻdirgan. U shundayin mahorat bilan ishlanganki, sahnaga tushgan tanganing ovozi soʻnggi qatorda oʻtirgan odamga ham aniq-tiniq eshitiladi. Shu bois bu yerda 2008-yilgacha turli konsert va shoular oʻtkazilgan boʻlib, bu jarayonda mikrofon va ovoz kuchaytirgichlardan umuman foydalanilmagan.
Said RAHMONOV