Yevroosiyo Tog’ Kurortlari Ittifoqi o’z safini kengaytirmoqda

Yevroosiyo Tog’ Kurortlari Ittifoqi o’z safini kengaytirmoqda hamda sport, madaniy va ko’ngilochar tadbirlarining Yagona kalendarini taqdim etmoqda

2023 yil 16 noyabr, Toshkent sh. Bugun Toshkentda bo’lib oʻtayotgan “Ipak yoʻlida turizm” TITF2023 ko’rgazmasi doirasida Yevroosiyo Tog’ Kurortlari Ittifoqi (YTKI) taqdimoti bo’lib o’tdi. Joriy yilning iyun oyida O’zbekistondagi “Amirsoy”, Rossiyadagi “Roza Xutor” va Qozog’istondagi “Shimbuloq” dam olish maskanlarini birlashtirgan Ittifoq vakillari yangi birlashmaning maqsad va vazifalari haqida so’zlab berdilar va kelayotgan qish mavsumida amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamkorlikdagi muayyan tadbirlarni taqdim etdilar. 

Xususan, Ittifoq tomonidan birinchi bor kelgusi bir yil davomida uchta dam olish maskanida sport, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarning Yagona kalendari taqdim etildi. Unda belgilangan ko’pgina qiziqarli tadbir va mashg’ulotlarda sayyohlar shaxsan ishtirok etib, ma’lum bonuslarga ega bo’lishlari mumkin — ushbu olingan bonuslardan Ittifoqning har uchta kurortida xizmatlar haqini to‘lashda foydalanish imkoniyatini ta’minlash ham rejalashtirilgan.

Taqdiomot davomida 2024-yil mart oyida Sochidagi “Roza Xutor” kurortida bo’lib o’tadigan keng ko’lamli Togʻ kurortlari festivali haqida e’lon qilindi. Uning dasturiga Ittifoqning eng zo’r instruktorlari tomonidan tog’ chang’isi va snoubordda uchish bo’yicha bepul mahorat darslari, o’quv moduli, tog’ kurortlari faoliyatiga oid dolzarb mavzularda professional munozaralar, xususan, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda turizmni rivojlantirishga bag’ishlangan davra suhbati, gastrofestival va folklor dasturlar kiritilgan. 

Shuningdek, Ittifoq vakillari Davlatlararo sayyohlik yo’nalishini yaratish, har uchta kurortda foydalanish uchun yagona skipaslar tadbiq qilish, Ittifoqning YTKI Korporativ universitetida tog’ kurortlari uchun xodimlarni hamkorlikda tayyorlash rejalari haqida so’zlab berdilar.

Shu bilan birga ko’rgazma davomida Ittifoq o’z safini yangi ishtirokchi – Ozarbayjonning eng yirik “Shahdag” togʻ kurorti bilan to’ldirdi. Bu borada tegishli memorandum Ittifoqninig barcha dam olish maskanlari vakillari hamda YoAJ “Shohdag sayyohlik markazi” tog’ kurorti Boshqaruv raisi Rustam Najafov tomonidan imzolandi.

“Bizning umumiy maqsadimiz – turizm va mehmondo’stlik industriyasida yangi yo’nalishlar ochish, sifat va raqobatbardoshlikni oshirish, turizm madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish, – dedi “Amirsoy” tog’ dam olish maskani Bosh direktori Saidvali Saidxodjayev. — Ittifoqimizga yangi ishtirokchi, Ozarbayjonning eng zo’r “Shahdag” tog’ kurortining birlashishi Ittifoq tomonidan tashkil etilayotgan Davlatlararo sayyohlik yo’nalishini ajoyib ravishda to’ldiradi. Ittifoqning barcha dam olish maskanlarining faol ishtiroki, erishilgan amaliy natijalar va ularning bunday global turizm forumidagi muvaffaqiyatli taqdimoti birlashmaning hayotiy dolzarbligi va ahamiyatini namoyish etadi. Ishonchim komilki, Ittifoq xalqaro turizmni rivojlantirishga qaratilgan yangi g’oyalar va loyihalarni yaratish, shuningdek, xavfsiz, “yashil” va hamyonbop turizmni rivojlantirish uchun muhim va manfaatli platformaga aylanadi”.

“2023 yil davomida mamlakatlarimiz o’rtasida sayyohlar oqimining barqaror o’sishi xalqaro hamkorlik muvaffaqiyat garovi ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bugunga kelib to’rtta kurort tomonidan rivojlantirilayotgan Yevroosiyo Ittifoqi keyingi o’n yillikda va uzoq muddatli istiqbolda Yevroosiyo qit’asida tog’ turizmini barqaror rivojlanishi uchun strategik imkoniyatlar yaratadi”, — dedi “Roza Xutor” kurorti Bosh direktorining Xalqaro aloqalar va turizm bo’yicha o’rinbosari Sergey Xvorostyaniy.

 

“Ittifoqning bir qator tanlangan yo’nalishlar bo’yicha olib borayotgan ishlari, shubhasiz, Ittifoqning alohida ishtirokchilarini ham, butun Yevroosiyo hududida tog’ turizmini ham rivojlanishi yo’lida xizmat qiladi, – dedi “Shimbuloq” tog’ kurorti Bosh direktori Rinat Abdraxmanov.

Ittifoq Kotibi Andrey Kukushkinning ma’lum qilishicha, ayni damda YTKIni yuridik shaxs sifatida ixtiyoriy jamoat birlashmasi shaklida ro’yxatdan o’tkazish jarayoniga tayyorgarlik ko’rilmoqda. Tashkilot kotibiyati Qozog’iston Respublikasining Almaty shahrida joylashadi.

Диққат! Агар сиз сайтда хатоликларни аниқласангиз, уларни белгилаб Ctrl+Enterтугмасини босинг.

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: