Madaniy merosni o’rganish, saqlash va ommalashtirish bo’yicha Butunjahon jamiyatining Toshkentdagi vakolatxonasiga Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo’yicha o’rinbosari Xadicha Veli qizi Asadova tashrif buyurd (https://telegra.ph/Ozarbayjon-muzey-kolleksiyalaridagi-Ozbekiston-sanat-buyumlari-va-noyob-osori-atiqalari-haqida-kitob-albom-nashrga-tayyorlanmoqd-01-09)i.
“O’zbekiston madaniy merosi jahon to’plamlarida” turkumidagi yangi kitob-albom tayyorlashning amaliy masalalari muhokama qilindi. To’plam Ozarbayjonning uchta yetakchi muzeylari – Ozarbayjon Milliy tarix muzeyi, Milliy gilam muzeyi va Ozarbayjon Milliy san’at muzeyidagi o’zbek kolleksiyalariga bag’ishlanadi.
– Ozarbayjon Milliy sanʼat muzeyida turli mamlakatlar va xalqlar madaniyati va sanʼati bilan bog’liq ko’plab qiziqarli eksponatlar saqlanmoqda. O’zbek kolleksiyasi juda xilma-xildir. Bu 19-asr oxiridagi soʻzana, yamoqli dasturxon, kumush serviz, tahorat uchun toʻplam, qoʻlda yasalgan kamar, ko’k emal bilan qoplangan quticha – Buxoro amirining sovgʻasi. Shuningdek, nodir osori-atiqalar orasida 1905-yilda nashr etilgan Qur’on faksimili ham bor”, — deydi Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo’yicha o’rinbosari Xadicha Veli qizi Asadova.
Uning taʼkidlashicha, muzeyda taniqli oʻzbek rassomlarining rasmlari ham namoyish etilmoqda. O‘zbekiston kolleksiyasi jami 15 ta eksponatdan iborat.
Kitob-albomning alohida bo’limida Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi kolleksiyasi haqida so’z boradi. Muzey bosh kuratori, dotsent Mahfuza hoji qizi Zeynalova onlayn tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tdi.
– Muzeyda 260 dan ortiq eksponatdan iborat 19-asr oʻzbek ustalarining noyob buyumlari kolleksiyasi saqlanmoqda. Bular abraziv matolardan yasalgan buyumlar, devor kashtalari, latun va mis ko’zalar, firuza bilan qoplangan yuvish moslamalari, yarim qimmatbaho toshlar bilan ishlangan idish-tovoqlar, qurol namunalari, kiyim-kechak va boshqalar.
Bundan tashqari, Ozarbayjon Milliy tarix muzeyida Sosoniylar, Arab xalifaligi, Saljuqiylar, Temuriylar, Shayboniylar, Usmoniylar davriga oid tangalarning boy kolleksiyasi mavjud.
Buxoro amiri Said Mir Abdul Ahadxon (1885–1910) surati muzeyning alohida faxridir. Suratning chap burchagida quyidagi yozuv bor: “Ingliz fotografiyasi. Boku”, bu surat amirning Bokuga tashriflaridan birida olinganligini ko‘rsatadi.
Muzeyning maxsus fondi eksponatlari – Buxoro amirining sovg‘alari – zarhal kumushdan yasalgan Qur’oni karim uchun g‘ilof, shuningdek, kumush va tilla suvi yugurtirilgan emal bilan qoplangan qora gravirovka bilan bezatilgan serviz alohida e’tibor talab qiladi”, — ta’kidlaydi Mahfuza hoji qizi Zeynalova.
Kitobning sinov versiyasi joriy yilning yozida bo’lib o’tadigan Jahon jamiyatining navbatdagi VII Xalqaro kongressida taqdim etilishi rejalashtirilgan.