Bayburtdagi Dada Qurqut qabri haqiqiymi?

O’tkinchi dunyodan abadiylik izlagan Qurqut o’z san’ati bilan boqiy umr topdi

O’rta Osiyo xalqlarining mushtarak asari bo’lmish “Kitobi Dada Qurqut” turk dunyosining eng bebaho qadriyatlaridan biridir. Undagi hikoyalar voqealari aniq qaerda sodir bo’lgani ma’lum emas. Lekin turli manbalarda ularning syujetlari Sirdaryo yaqinidagi Yangikent qal’asi atrofida, shimoliy-sharqiy Onado’li va Ozarbayjon hududlarida bo’lib o’tgani aytiladi. Bu hikoyalar XV-XVI asrlarda yozma manba holiga keltirilgan. Bu kitobga turk xalqlarning dono faylasufi, mashhur adibi Dada Qurqut ijodi namunalari jamlangan.
Taniqli baxshi, qobiz otasi, buyuk tarixiy shaxs Dada Qurqutdan xalqlarimizga juda boy adabiy hamda musiqiy meros qolgan. Uning shaxsi Markaziy Osiyo xalqlari orasida Qo’rqit bobo, Qurqut ota, Dada Qurqut kabi turlicha nomlar bilan atalib, xotirasi ulug’lanadi. Ushbu afsonaviy avliyosifat zot, turkiy elatlarning milliy qahramoni IX asrda Sirdaryo sohillarida yashab ijod etgan. Manbalarga ko’ra u milliy cholg’uchiligimizning ajralmas bo’lagi bo’lgan qobiz asbobini ilk bor yaratgan bastakordir.
Dada Qurqut o’zi yozgan dostonlarga kuy bastalab, og’zaki ijro qilgan, o’lmas tuyg’ularni, inson dardu nolalarini qalblardan qalblarga ko’chirgan. Shu tariqa xalq e’tiboriga tushgan. Ushbu mumtoz adibning asarlari, hayoti va ijodi haqidagi manbalar qozoq, qoraqalpoq, turkman, ozarbayjon kabi turk xalqlari eposida bugungi kunga qadar saqlanib, tildan-tilga o’tib kelmoqda.

UMRBOQIYLIK IZLАGАN QURQUT AFSONASI
Xalq orasida Qurqut ota haqida bir afsona yuradi. Emishki, Qurqut yoshligida inson umri o’tkinchi degan so’zlarga ishonmagan va mudhish o’lim bilan kurashishga bel bog’lagan. Boqiy umr haqidagi fikr-xayollar iskanjasida odamlarni tark etib, tog’u sahrolarga chiqib, boqiy umr sirlarini izlaydi. Biroq qaerga borsa ham o’lim qutqusiga duch kelaveradi. O’rmonga borsa chiriyotgan keksa daraxt unga o’zining tez orada qurib bitishini aytadi. Sahroda o’sib turgan kovul quyoshda qovjirab so’layotganini, hatto bahaybat tog’lar ham yil sayin yemirilib borayotganini so’ylab nola qiladi. Ularning iqrorini tinglagan Qurqut daraxtdan qovuz yo’nib, unga tor ulaydi. Shu asbobda ichki tuyg’ularini kuyga solib qo’shiq aytadi. O’z kuylariga bor qalbini, dildagi barcha dardu sitamlarni jo qiladi. Bu kuylar turkiy qavmlar orasida keng tarqalib, ko’plab odamlarning qalblarini zabt etadi. Mazkur rivoyatning ma’nosi shuki o’tkinchi dunyodan abadiylik izlagan Qurqut o’z san’ati bilan boqiy umr topadi.

 QАRDOSH XALQLАR АJDODI
Hozirda barcha turkiy xalqlar Qurqut otani o’z ajdodi deb bilib, mangu yodini ulug’lab kelmoqda. Uning xotirasiga Qozog’istonning Qizilo’rda viloyatida muqaddas maqbara bunyod etilgan. Shuningdek qo’biz timsolida xotira yodgorligi ham o’rnatilgan. Qizilo’rda viloyatidagi universitet va aeroportga Qurqut ota nomi berilgan. 2006 yildan buyon Qozog’istonda “Qo’rqit va Buyuk Sahro kuylari” festivali o’tkazib kelinadi.
Qurqut otaning yana bir qabri qoraqalpoq qavmining tarixiy vatani Sirdaryoning quyi tomonida Yangikent qal’asi atrofida joylashgan. Uning hayoti haqida aniq ma’lumotlar yo’q ammo ko’pchilik manbalarda 95 yosh yashagani aytiladi.
Turkmanistonlik hamkasblarimiz aytishicha buyuk baxshining maqbarasi turkman elida ham mavjud. Unga odamlar qadam ranjida qilib, ulug’ avliyo sifatida sajda qiladi, dardlariga shifo, ezgu niyatlari yo’lida madad so’rashadi, o’g’ilsizga o’g’il, bemorlarga sog’lik tilashadi.
Qari momolardan otaning ramziy qabri bizning hududimizda ham bor deb eshitganman. Lekin qayerdaligini aniq bilmayman. Aytishlaricha qalbida qo’rquv borlar, biron narsadan cho’chib, soqov yoki duduq bo’lib qolganlar Quurqut ota hoki poyini ziyorat qilib, sog’lik-omonlik tilashar ekan. Bu buyuk oqinning ismi Qurqut bo’lgani sabablidir ehtimol…

QURQUT OTА MEROSI YUNESKO MUHOFАZАSIDА
Qurqut ota – shoir, musiqachi, barcha baxshilar ustozidir. U turkiy xalqlar urf-odatlari, e’tiqodlarini, boshqa xalqlardan o’zgacha jihatlarini, umuman, ijtimoiy xususiyatini yozib qoldirib, bugungi kunga qadar yetkazgan buyuk ijodkordir. Qo’rqit otadan bizning zamonimizgacha yetib kelgan 12 ta dostoni bor. Ularning sakkiztasi ichki va tashqi urushlar to’g’risida. Ikkisi oshiqlar haqida, ikkitasi esa mifologik talqinda berilgan. Hozirga qadar uning “Qo’rqit”, “Elmoya”, “Targ’il tana”, “Elim-oy”, “Ucharning ulishi” kabi kuylari saqlanib qolgan.

Qurqut ota asarlari hozirda YuNESKOning muhofaza qilinuvchi nomoddiy madaniy meroslari ro’yxatiga kiritilgan.
Turkiy xalqlarning buyuk shoiri Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylar Qo’rqit ota o’z davrining iste’dodli so’z ustasi bo’lganligi bois, uni hurmat ila o’z asarlarida tilga olishgan. Аlisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asarida Dada Qurqut haqida quyidagi jumlalar bor: «Qurqut ota Turk ulusi arosida shuhrati andin ortug’roqdurki, shuhratqa ehtiyoji bo’lg’ay. Mashhur mundoqdurki, necha yil o’zidin burunqini, necha yil o’zidin so’nggi kelurni debdurlar…»

 XOTIRА FESTIVАLI
Turkiyalik qardoshlarimiz ulug’ ajdodimizni Dada Qurqut deya ulug’lashadi. Biz – Qozog’iston, Qirg’iziston, Ozarbayjon, Turkmanistonning? O`zbekistonning bir guruh jurnalistlari Turkiyaning Bayburt shahrida 22-28 iyul kunlari bo’lib o’tgan Dada Qurqut xotirasiga bag’ishlangan san’at festivalida ishtirok etdik. Ushbu safarbarlik Turkiyaning O’zbekistondagi elchixonasi va Bayburt viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
«Dada Qurqut so’zidan va izidan» shiori ostida o’tkazilgan festivalning birinchi kunida Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Moldova, Gruziya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan adabiyotshunos va tarixchi olimlar ishtirok etishdi. Ular o’z ma’ruzalarida Dada Qurqutning turk xalqlari eposida tutgan o’rni va ahamiyatiga keng to’xtaldilar. Аnjumanda ma’lum qilinishicha hozirgi kunda turk kinematograflari tomonidan “Dada Qurqut izidan” nomli badiiy film tasvirga olinmoqda. U keyingi yil tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
Dada Qurqut asarlarining 3-qo’lyozmasi muallifi Vali Muhammadning ta’kidlashicha Dada Qurqut nafaqat turk xalqlari tarixida, balki bugungi va kelgusidagi birligimiz, hamdo’stligimiz rishtalarini mustahkamlashda ham muhim rol o’ynaydi.
Bayburt shahri hokimi Hukmu Pekmezchining aytishicha u bolaligida Dada Qurqutning hikoyalarini o’qib, musiqalarini tinglab katta bo’lgan. 25 bor o’tkazilayotgan festivallarda har yili shaxsan ishtirok etgan. 1993 yildan buyon Markaziy Osiyo davlatlarida bo’lib, uning yodgorliklarini ziyorat qilmoqda. Uning fikricha adibning boy merosi turkiy xalqlar o’rtasidagi hamdo’stlik rishtalarini kelgusi avlodlarga qadar yetkazib berishga ham xizmat qiladi.
DАDА QURQUT QАBRINI ZIYORАT QILDIK
Аnjumandan so’ng festival qatnashchilari bilan birga Dada Qurqut maqbarasini ziyorat qildik, buyuk bobokalonimiz ruhiga qur’on tilovat etildi.

Mazkur maqbara so’lim daraxtlar bilan qurshalgan yalanglikda qad rostlagan bo’lib, gavjum ziyoratgohga aylangan. Turkiy xalqlarning barchasi bu shaxsni o’z ajdodi, xalq qahramoni, umri aziz avliyosi deb qadrlab, o’z hududida muqaddas maqbara barpo etgani ehtiromga sazovordir. Аmmo Dada Qurqutning haqiqiy qabri qay biri ekanligi hamon sirligicha qolmoqda.
Bayburtdagi Dada Qurqut maqbarasini ziyorat qilganimizdan so’ng festivalning asosiy qismi boshlandi. Masat qiriga o’rnatilgan sahnada turk xalqlarining milliy kuy-qo’shiqlari, raqslari ijro etildi. Bayramga taklif qilingan aholi vakillari qadim ko’chmanchi xalqlar an’analariga sodiq tarzda keng dalaga tikilgan chodirlarda turkman g’oli ustidagi ko’rpacha va bolishlarga yonboshlab folklor dastalari chiqishlarini tomosha qilishdi.
Bayramdan so’ng Bayburt hokimi turkiy xalqlar jurnalistlarini bir piyola choyga taklif qildi. Bu davrada Dada Qurqut merosi, jumladan uning “Kitobi Dada Qurqut” asari, unda turkiy xalqlar milliy an’analarining yoritilishi haqida so’z bordi.

QURQUT OTА HIKMАTLАRI:
“Qo’noq qo’nmas qora uylar yiqilsa yaxshi”.
“Hisobsiz mol yiqqan bilan odam saxiy bo’lolmaydi”.
“Haqni haq demaguncha ishlar o’ngmas”.
“To’zgan paxta bo’z bo’lmas, qadimiy yov do’st bo’lmas”.
“Otadan yosh qolgan – aqldan bo’sh qolgan”.
“O’g’il otaning siridir, ikki ko’zining biridir”.

(Bayburt qal’asi tarixi, arxitektura va madaniy yodgorliklari, , tabiati va sayyohlik salohiyati haqida kelgusidagi maqolalarimizda batafsil hikoya qilamiz).

Manzura BEKJONOVА, tadqiqotchi jurnalist.

Диққат! Агар сиз сайтда хатоликларни аниқласангиз, уларни белгилаб Ctrl+Enterтугмасини босинг.

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: