Turkiya Jumhuriyatining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er O`zbekiston xaiqini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi. Bu haqda Turkiyaning O’zbekistondagi elchixonasi Matbuot bo’limi xabar berdi.
«Otayurtimiz O’zbekistondagi aziz qardoshlarim,
Xonimlar va janoblar,
Bir yil oldin 2020 yil uchun yangi yil tabriklarimni izhor etayotganimda bu yilning tarixda qoladigan bir yil bo’lishi hech birimizning hayolimizga ham kelmagan edi.
2020 yil mamlakatlarimiz uchun ham, jahon davlatlari uchun ham avval boshda Covid -19 pandemiyasi va boshqa jiddiy mushkulotlar bilan kechgan og’ir yil bo’ldi.
Aziz birodarlarim, biz qadimiy bir zaminda asrlardan beri bor bo’lgan va o’zligini asrab-avaylab saqlab kelayotgan qardosh ikki xalq sifatida tarixda insoniyat boshiga tushgan qanchadan-qancha musibatlarni birdamlik ruhida va g’ayrat-shijoat bilan yengib o’tgan ota-bobolarimizning avlodlarimiz. Bugungi qiyinchiliklarni ham bir-birimizga yelkadosh bo’lib, donolik bilan, ilmu-irfon bilan va Qodir Ollohning yordami bilan ortda qoldirishimizga, bu yil biz unchalik ham his qilmagan baxt, sog’lik-omonlik va tinchlik–osoyishtalik to’la kunlarga yangi yilda muyassar bo’lishimizga ishonaman va bu niyatlarimni mamlakatlarimiz uchun, butun bashariyat uchun qalbimning to’ridan chiqqan eng kuchli hislarim bilan tilab qolaman.
Dekabr oyi oxirlab borayotgan mana shu kunlarda 2020 yil bilan vidolashishga hozirlanmoqdamiz. Barcha salbiy narsalarning eski yil bilan birga hayotimizni tark etishini va 2021 yilning avvalo mamlakatlarimizga, qolaversa butun dunyoga sog’lik-salomatlik va tinchlik-xotirjamlik olib kelishini chin qalbimdan tilayman. 2021 yil va undan keyingi har bir yil mamlakatlarimiz o’rtasida mustahkam qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik darajasidagi aloqalarimizning yanada rivojlanishiga hissa qo’shishini, xalqlarimiz o’rtasidagi do’stlik va qardoshlik munosabatlarining abadiy bo’lishini niyat qilib qolaman.
Biz yashayotgan bu qadim zaminning mushtarak qadriyati bo’lgan Hazrati Mavlono o’zlarining yuzyillarga ziyo taratgan “Masnaviy” asarida keltirganlari, bu qorong’u kunlarni quyoshdek yo’rituvchi mana bu o’lmas baytlarini ham g’arb, ham sharq adabiyotining eng buyuk asarlarini o’zbek tiliga birdek katta mahorat bilan o’girgan ulug’ shoir va tarjimon, Turk dunyosining iftixori, O’zbekiston xalq shoiri, ustoz Jamol Kamol tarjimasi bilan yana bir bor eslaylik:
«Kelsa ma’yuslik, keyin ummid kelur,
Kecha kechgay, ortidin xurshid kelur».
2021 yilning bizga va butun bashariyatga go’zal kunlar keltirishidan umidvor bo’lib, barchangizni yangi yil bilan eng samimiy tuyg’ularim ila chin yurakdan tabriklayman.
Yangi yilingiz muborak bo’lsin!.. Turkchasiga aytganda: Yeni Yılınız Kutlu olsun!»