O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahrida o‘tkaziladigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etadi. Shu maqsadda prezident 11-12 noyabr kunlari Turkiya Respublikasida bo‘ladi.
Bo‘lajak uchrashuv kun tartibidan Kengash doirasidan eng avvalo, savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Shuningdek Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining faoliyatini yana-da takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Sammit yakunida hamkorlik samaradorligini oshirish va ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama sherikchilikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tuzilmaga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Bugungi kunda Kengashga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston aʼzo. Mamlakatimiz tashkilotga 2019 yilda qo‘shildi. Vengriya esa Turkiy kengashda kuzatuvchi maqomiga ega.