Mustaqillik millat uchun eng muhim va eng aziz ne`matdir. U inson hayotidan ham azizroqdir.
Chunki shaxsning to‘laqonli erkin bo‘lishiga, o‘z huquqlarini amalga oshirishiga faqat mustaqillik sharofati bilan erishiladi, mustaqillik bilan inson huquqlari eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tariladi.
Tarixda bironta xalq, biron-bir millat o‘z mustaqilligini hech qachon osonlik bilan qo‘lga kiritmagan. Shu jumladan qardosh turk xalqi ham.
15 iyul 2021 yil. Bundan roppa-rosa 5 yil muqaddam yaʼni 2016 yilning 15 iyul kuni Turkiya davlat to‘ntarishi tashabbusiga duch kelgan. FETO deb atalgan terror tashkiloti Turk Qurolli kuchlari tarkibiga yashirin olib kirgan unsurlaridan foydalangan holda mamlakatning qadriyatlariga qarshi xoinona hujum uyushtirdi. Shu kuni prezident qarorgohi va Turkiya Buyuk Millat majlisi binolari portlatildi. Shu jumladan Turkiya Milliy teleradiokompaniyasi ham terrorchilik hujumlari oqibatida katta zarar ko‘rdi. Ushbu binolarda joylashgan bir necha davlat tashkilotlari va muassasalarini fitnachilar bosib olishga harakat qilishdi. Anqara va Istanbul osmonida qiruvchi samolyotlar, ko‘chalarida esa tanklar bilan fuqarolar tinchligiga tahdid qilishdi.
Albatta, turk xalqi bu vaziyatga eʼtiborsiz qolmadi. Minglab fuqarolar mamlakat prezidenti chaqirig‘i bilan fitnachilar hujumiga qarshi shahar maydonlari va ko‘chalariga chiqib, dushman o‘qlariga ko‘ksini qalqon qilishdi. Ko‘plab vatanparvar va tinchliksevar fuqarolar ko‘magida davlat to‘ntarishi uchun qilingan terrorchilik harakatlari muvaffaqiyatli to‘xtatildi. Bu voqeada 251 nafar inson shahid ketgan va yuzlab insonlar tan jarohati olgan.
Ana shundan eʼtiboran 15 iyul sanasi Turkiyada demokratiya g‘alabasi kuni sifatida nishonlanadi. Shu kungi voqealarda qurbon bo‘lgan shahidlar minnatdorchilik va hurmat bilan yodga olinadi.
Turk shoiri Faruk Nafiz Chamlibel bu sharafli tuyg’uni quyidagicha ifodalaydi:
«Kurashlarda g’alaba kurashganga berilar,
Bayroq uchun qon to’kmaganning ko’z yoshi behuda!
Albat bu yo’lga kirganlar qaxramon bo`lar.
Bilgin: tiriklar sharafli, o’liklar ulug’vor!
Vatan uchun kurashganni shon-sharaf quchar,
Bor bo`lsa muhabbat jondan jonga qadar
Uyq`oq bo`l, vatan osmonini bulut to`smasin».
Biz, tirik qolganlarni sharafli va jangda o’lganlarni ulug ‘ deb ta’riflagan ajdodlar avlodlarimiz. Vatanni sevish haqida Payg’ambarimiz (S.A.V.) shunday deganlar: «El hubbul vatan, minel iymon», ya’ni «Vatanga muhabbat iymondandir».
O`z ijodida istiqlolni ulug`lab ko`plab she`rlar bitgan turk shoiri Mehmet Akif shunday yozadi:
«Umidsizlikka tushmang, qat`iyatlilikdan voz kechmang,
O’zingiz kuyib kul bo’lsangiz ham, bolangizni asrang!
Erksiz millatning yo’q bo’lib ketishi tayin.
Agar shu mamlakat fuqarosi bo`lsangiz,
Uni muvaffaqiyatsiz qoldirmang».
15 iyul — Turkiyada Demokratiya va Milliy birlik kuni munosabati bilan qardosh turk xalqini, barcha turkiyalik birodarlarimizni, hamkorlarimizni chin qalbimizdan tabriklaymiz. Tilagimiz endi hech qachon turk xalqi boshiga kulfat tushmasin. Qonli kurashlarda qo‘lga kiritilgan davlat mustaqilligi va tinchligi abadiy bo‘lsin.